HELICHRYSUM ITALICUM NING TARKIBIDAGI EFIR MOYI VA BIOFAOL BIRIKMALARNING FITOKIMYOVIY TAHLILI HAMDA FARMATSEVTIK AHAMIYATI
Аннотация
Kirish. Zamonaviy farmakognoziyada dorivor o‘simlik xom ashyosining qiymati undagi biologik faol moddalar (BFM) majmuasining tarkibi, ularning o‘zaro sinergizmi (alohida alohida ta’sirlar yig‘indisi) va farmakologik ta’sir mexanizmlari bilan belgilanadi. Ushbu jihatdan Asteraceae oilasining Gnaphalieae tribasiga mansub Helichrysum italicum (Roth) G.Don o‘simligi alohida ilmiy jihatdan ahamiyatga molik hisoblanadi. O‘simlikning ikkilamchi metabolitlari ikki guruhga bo‘linadi. Birinchisi - lipofil uchuvchan fraksiya, ya’ni terpenoidlar va ularning efirlaridan iborat efir moyi. Ikkinchisi - polar fraksiya: floroglyutsinollar, α-pironlar, flavonoidlar, atsetofenonlar va gidroksidarchin kislotalar hosilalari [1], [2]. Tur xom ashyosi Yevropa va O‘rta yer dengizi xalq tabobatida teri jarohatlari, kuyish, gematoma, ekzema va yallig‘lanish kasalliklarida an’anaviy ravishda qo‘llanib kelingan [2]. So‘nggi yigirma yilda bu empirik ma’lumotlar in vitro va in vivo tadqiqotlarda tasdiqlana boshladi. Natijada H. italicum efir moyi va ekstraktlari dermatologik va kosmetik mahsulotlar tarkibiga faol kiritilmoqda [3]. Biroq farmakologik ta’sirni muayyan kimyoviy birikmalar bilan bog‘lash, ya’ni “tarkib - faollik” munosabatini aniqlash, hamon to‘liq hal qilinmagan ilmiy masala bo‘lib qolmoqda. Bu xomashyoni standartlash uchun asoslangan marker birikmalarni tanlashni qiyinlashtiradi.