UMUMTA’LIM MAKTABLARI O‘QUVCHILARINING O‘QUV MOTIVATSIYASINI OSHIRISHGA QARATILGAN, XORIJIY TA’LIM METODIKALARINI QO‘LLASH ASOSIDAGI INNOVATSION LOYIHA
Аннотация
Bugungi kunda umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ularni mustaqil izlanishga yo‘naltirish va o‘quv jarayonidagi faolligini oshirish ta’lim tizimining ustuvor vazifalaridan biridir. Ayniqsa, 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi sabab yuzaga kelgan ta’limdagi uzilishlar o‘quvchilarning nafaqat bilim darajasiga, balki mustaqil o‘qish, topshiriqlarni rejalashtirish va yordam izlash ko‘nikmalariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. OECDning PISA-2022 tahliliy hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilarning 35 foizi maktab binosi uch oydan ortiq vaqt davomida yopilganini bildirgan. Masofaviy ta’lim davrida o‘quvchilarning 40 foizi haftasiga kamida bir marta topshiriqlarni tushunishda qiynalgan, 42 foizi esa o‘qishga yordam beradigan shaxsni topishda muammoga duch kelgan. Shu bilan birga, o‘quvchilarning 68 foizi o‘zini maktab topshiriqlarini bajarishga rag‘batlantira olishiga ishonch bildirgan. Ushbu ko‘rsatkichlar o‘quvchilarda ichki motivatsiya salohiyati mavjudligini, biroq uni maqsad qo‘yish, muntazam qayta aloqa va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali barqaror ko‘nikmaga aylantirish zarurligini ko‘rsatadi.