DAVLAT SEKTORIDA MOLIYAVIY HISOBOTNINIG XALQARO STANDARTLARINI QO‘LLASH ISTIQBOLLARI
Annotatsiya
Bugungi kunda jahon iqtisodiyotida davlat moliyasini samarali boshqarish, davlat tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash va jamoatchilik oldidagi hisobdorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlat sektorida qabul qilinayotgan iqtisodiy va moliyaviy qarorlarning sifati ko‘p jihatdan buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarda shakllantiriladigan axborotning ishonchliligiga bog‘liq. Shu sababli davlat sektoridagi moliyaviy hisobotni xalqaro talablar asosida takomillashtirish zamonaviy davlat moliyasini boshqarishning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Davlat sektorida xalqaro darajada tan olingan asosiy metodologik tizimlardan biri Davlat sektori uchun buxgalteriya hisobining xalqaro standartlari — IPSAS (International Public Sector Accounting Standards) hisoblanadi. Mazkur standartlar davlat sektori subyektlari moliyaviy hisobotlarining sifatini oshirish, iqtisodiy hodisa va operatsiyalarni mazmunan to‘g‘ri aks ettirish hamda turli davlatlar moliyaviy ko‘rsatkichlarini taqqoslash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.